+998 (66) 234-99-64 | samarkand.vssb@ssv.uz

Yangiliklar

JSST delegatsiyasi Samarqand viloyatida sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlar bilan tanishdi

2026-06-23

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) mutaxassislaridan iborat delegatsiya Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami sohasidagi o‘zgarishlar bilan yaqindan tanishish hamda mavjud tajribalarni o‘rganish maqsadida navbatdagi tashrifini amalga oshirdi.

📌 Melitta Jakab — JSSTning birlamchi tibbiy yordam bo‘yicha Yevropa markazi rahbari boshchiligidagi delegatsiya a’zolari viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasida bo‘lib, boshqarma boshlig‘i Suhrob Zayniyev bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv davomida viloyatda aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, birlamchi bo‘g‘in muassasalari faoliyatini takomillashtirish, raqamlashtirish jarayonlari, profilaktik xizmatlarni kengaytirish, onalik va bolalikni muhofaza qilish, shuningdek, aholi salomatligini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Shuningdek, so‘nggi yillarda sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilgan islohotlar, oilaviy shifokorlik tizimini rivojlantirish, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda zamonaviy tibbiy texnologiyalarni amaliyotga joriy etish borasidagi ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

❗️Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari viloyat hududida joylashgan qator davolash-profilaktika muassasalarida ham bo‘lib, ularning faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Mutaxassislar tibbiyot muassasalarida aholi uchun yaratilgan sharoitlar, tibbiy xizmat ko‘rsatish jarayonlari, elektron tibbiyot tizimlari hamda profilaktik ishlar samaradorligini o‘rgandilar.

JSST vakillari amalga oshirilayotgan ishlar, aholi salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan yondashuvlar hamda birlamchi tibbiy yordam tizimini rivojlantirish borasidagi tajribalarni yuqori baholab, kelgusida ham o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash muhimligini ta’kidladilar.

Mazkur tashrif xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish, ilg‘or tajribalarni amaliyotga tatbiq etish va aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yanada oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi
Matbuot xizmati


SamSSV

Samarqand viloyati Sog'liqni saqlash boshqarmasi rasmiy platformasi.

Samarqand shahar, Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi, 94-uy

Ijtimoiy tarmoqlar

+998 (66) 234-99-64

samarkand.vssb@ssv.uz

© 2025 - 2026 | www.samssv.uz. Barcha huquqlar himoyalangan.

Ishlab chiqilgan: Обид Синдаров tomonidan.